Prezidentning PF–175-sonli farmoniga koʻra, 2026-yil 1-sentyabrga qadar yuzaga kelgan soliq qarzini 31-dekabrga qadar toʻliq toʻlagan tadbirkorlarning penyasi bekor qilinadi. Shuningdek, ularga nisbatan yuritilayotgan ijro ishlari tugatiladi.
Hozirda 315,2 mingta tadbirkorning 9,5 trillion soʻm soliq qarzi mavjud. Uning 1,5 trillion soʻmi penya hisobiga toʻgʻri keladi.
Bundan tashqari, soliq hisobotidagi xatoni mustaqil ravishda tuzatib, qoʻshimcha hisoblangan soliqni yil oxiriga qadar toʻlagan tadbirkorlarga ham penya hisoblanmaydi.
Shuningdek, farmon bilan:
— 2019–2025-yillarda toʻplangan 1,6 trillion soʻmlik ayrim jarima qarzlari;
— aylanma soligʻi boʻyicha 39,8 milliard soʻmlik jarima qarzlari hisobdan chiqariladi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yilning birinchi yarmida 172 mingta tadbirkor soliq hisobotini qayta topshirgan. Buning natijasida ularga 3 trillion soʻm qoʻshimcha soliq va 140 milliard soʻm penya hisoblangan.
Tadbirkorlar “Ikkinchi imkoniyat”dan foydalanish uchun belgilangan shartlarga muvofiq soliq qarzini 2026-yil 31-dekabrga qadar toʻliq toʻlashi kerak.