31-oktyabrda Oʻzbekiston hududiga Eron tomondan issiq havo kira boshlaydi

    Yashil sayyora 26 Oktabr 2020 774

    “Oʻzgidromet” boshlangan haftada kutilayotgan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

    Bugun Oʻzbekiston hududida ob-havo kam bulutli va iliq boʻladi. Kunduzi harorat 20-23 darajagacha, janubda 26 darajagacha koʻtariladi.

    Ertaga respublikamiz shimoliga Rossiyaning Yevropa qismi (Moskva oblasti)dan Volgaboʻyi orqali sovuq antitsiklon kira boshlaydi.

    28-oktyabrda sovuq havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat foni 8-10 daraja pasayadi. Koʻpchilik viloyatlarda kunduzgi havo harorati 10-13 daraja atrofida boʻladi. Kuchsiz, asosan qor koʻrinishidagi, yogʻinlar faqat mamlakatimizning togʻli va baland togʻli hududlarida kuzatilishi mumkin.

    Iliq va sovuq havo oqimlarining bosimlari tafovuti respublika hududi boʻyicha shamolning tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishiga olib keladi.

    Sovuq havo oqimining taʼsiri 29-oktyabrda va 30-oktyabrda kechasi saqlanib turadi, 30-oktyabrda kunduzi antitsiklon shimoli-sharqqa chekina boshlaydi va havo asta-sekin isiydi.

    29 va 30-oktyabr kunlari tungi havo harorati 0-3 daraja iliqqacha tushadi, ayrim joylarda havoda birinchi ayoz kuzatiladi — harorat 1-2 daraja sovuq boʻladi. 29-oktyabrda kunduzi 10-13 daraja iliq atrofida boʻladi, 30-oktyabrda esa biroz — 13-16 darajagacha isiydi. Bu kunlarning harorati oktyabr oyi uchun xos boʻlgan meʼyoriy qiymatlardan 7-9 darajaga past boʻladi.

    31-oktyabrda Oʻzbekiston hududiga Eron tomondan issiq havo kira boshlaydi. Tungi ayoz toʻxtaydi, kunduzi esa harorat 18 daraja, ayrim joylarda undan ham yuqori boʻladi.