3,2 mln.dan ortiq qalbaki aksiz markalari musodara qilindi

    Bojxona qoʻmitasining tezkor tuzilmalari tomonidan oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida davlat byudjetiga 34,2 mlrd. soʻm zarar yetkazilishining oldi olindi.

    Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

    "Qirgʻiziston bojxona xizmatidan olingan tezkor maʼlumotga koʻra, “Xitoy-Qirgʻiziston” yoʻnalishida Bishkek shahriga olib kelingan xalqaro kuryerlik joʻnatmasida Oʻzbekiston Respublikasi aksiz markalarining 2,5 mln dona qalbaki nusxalari borligi aniqlangan", deyiladi xabarda.

    Maʼlum boʻlishicha, Xitoyda tayyorlangan ushbu soxta markalar dastlab Qirgʻizistonga, soʻngra Oʻzbekistonga olib kirilishi rejalashtirilgan.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida Bishkek shahrida aksiz markalarni Oʻzbekistonga olib ketish maqsadida qabul qilib olgan qoʻshni mamlakat va Oʻzbekiston fuqarolari bojxona xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

    Shundan soʻng, tezkor tadbir Andijon viloyatining Boʻston tumanida davom ettirilib, qalbaki aksiz markalarni qabul qilib olayotgan mahalliy fuqaro ham ushlangan. Ushbu shaxs qalbaki aksiz markalarni Samarqand viloyatida yashovchi fuqaroga yetkazib berishi kerak kerak boʻlgan.

    Tezkor tadbirning yakuniy bosqichi Samarqand viloyatida oʻtkazilib, nihoyat qalbaki aksiz markalarni qabul qilib oluvchi asosiy shaxs ham fosh etilgan. Ushbu fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganida yerdan ham 710 ming dona qalbaki aksiz markalar borligi maʼlum boʻlgan.

    “Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 3 mln 210 ming dona Oʻzbekistonda alkogol mahsulotlarini qadoqlash uchun foydalaniladigan qalbaki aksiz markalar aylanmasiga chek qoʻyildi. Buning natijasida esa davlat byudjetiga 34,2 mlrd. soʻm zarar yetkazilishining oldi olindi. Shu bilan birga, minglab yurtdoshlarimizning salomatligi asrab qolindi”, deyiladi qoʻmita xabarida.

    Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.