Qoʻqon qishloq xoʻjaligi va texnologiyalari texnikumining 60 nafar ishchi-xodimlari tomonidan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashiga 5 oydan buyon ish haqi ololmay kelayotganliklari sababli, oylik ish haqini olishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida “Mehnatga haq toʻlash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas” deb belgilangan.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti rektoriga hamda Qoʻqon qishloq xoʻjaligi va texnologiyalari texnikumi direktoriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 9-moddasi hamda “Kasaba uyushmalari toʻgʻridagi”gi Qonunning 35-moddalariga asosan xodimlarning 2022-yilning iyul, avgust, sentyabr, oktyabr va noyabr oylari uchun toʻlanmay kelayotgan 327 mln 764 ming soʻmdan ziyod ish haqlaridan boʻlgan qarzdorlikni toʻlab berish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori tomonidan taqdimnoma qanoatlantirilib, xodimlarga ish haqlari toʻliq toʻlab berilishiga erishildi.
Lolaxon Ahmedova,
Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari
kasaba uyushmasi Respublika kengashining
Fargʻona viloyati boʻyicha masʼul tashkilotchisi.