33 ta funktsiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o'tkazilmoqda

    Dolzarb 5 Fevral 2024 1699

    “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

    Farmonga ko'ra, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funktsiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o'tkazildi.

    Masalan, davlat bog'cha va maktablarini tashkil etish, atmosfera havosiga ta'sir etuvchi korxonalarni qurish joylarini, chiqindilar ko'mib tashlanadigan joylarni belgilash, yo'lovchi va yuk tashish tariflari, jumladan fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar, tabiiy ob'ektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob'ektlariga nom berish va boshqalar.

    Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funktsiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirildi.

    Masalan, hokimlar va ular o'rinbosarlarining 7 turdagi (dasturlar ijrosi; kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi; kreditlar ajratish; hokim yordamchilari axborotlarini eshitish yakunlariga oid) hisobotlarini eshitish – hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo'yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko'rib chiqiladi.

    Farmonga muvofiq, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funktsiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi.

    Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo'l qo'yilmaydi.

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o'rtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etiladi.

    Normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy Kengashlarning qonunchilikda belgilangan vakolatlariga xos bo'lmagan vazifalar ijrosi bo'yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas'ul hisoblanadi.

    Farmon bilan 2024 yil 1 oktyabrgacha O'zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish kontseptsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.