337 million so'mlik iste'molga yaroqsiz dori vositalari yo'q qilindi

    Joriy yilning o'tgan davrida jami 1 milliard 912 million 506 ming so'mlik iste'molga yaroqsiz tovar-moddiy boyliklar yo'q qilingan.

    Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi jinoyat ishlari bo'yicha sudlarning ijro hujjatlari ijrosini ta'minlash maqsadida fuqarolar va ayrim tadbirkorlar tomonidan yurtimizga noqonuniy olib kirilgan, tegishli hujjat hamda ruxsati mavjud bo'lmagan navbatdagi mahsulotlarni yo'q qildi.

    Termiz tumani Kattaqum massividagi maxsus poligonda hamkor tashkilotlar va xolislar ishtirokida 10 turdagi 337 million so'mlik iste'molga yaroqsiz dori vositalari, 30 dona alkogol va belgilangan tartibga ko'ra aktsiz markalanmagan 10 quti tamaki mahsulotini zararsizlantirildi.

    Ma'lumotlarga ko'ra, joriy yilning o'tgan davrida MIB viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar hududiy bo'limlari tomonidan orgtexnika, alkogol, tamaki, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlardan iborat jami 1 milliard 912 million 506 ming so'mlik iste'molga yaroqsiz tovar-moddiy boyliklar yo'q qilingan. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi xabar bermoqda.