Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijasida Yozyovon tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida ichki xoʻjalik yoʻllarida amalga oshiriladigan joriy taʼmirlash ishlari uchun olinadigan TIB-B M-1 markali asfalt sotib olish maqsadida 2023-yil 10-aprel kuni oʻtkazilgan 3 mlrd 494 mln soʻmlik davlat xaridida bir qator qonunbuzilishlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Xususan, ushbu davlat xaridida Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 23-moddasi (Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi) va 42-moddasi (ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) talablariga amal qilinmagan.

Yaʼni, davlat xaridida ishtirok etgan bitta manzilda faoliyat yurituvchi 2 ta MCHJning rahbari va taʼsischisi bir kishi ekanligi yaqqol koʻrinib turgan boʻlsa-da, mavjud affillanganlik holatlariga baho berilmagan va nohalol raqobatni keltirib chiqarganligi oʻrganilmagan hamda holat boʻyicha tanlovni oʻtkazishni vaqtinchalik bekor qilish choralari koʻrilmagan.

Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida Agentlik tomonidan 2023-yil 10-aprel kuni buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi hamda qonuniy chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yuborildi.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan Yozyovon tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 2023-yil 11-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi, deb xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati.