Qarorga koʻra 2022-yil 1-yanvardan boshlab 35 ta yetakchi davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi.

taʼlim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash;

talabalarning toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-oʻqituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;

oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilashga oid qarorlar qabul qilish;

professor-oʻqituvchilar shtat birliklarini kiritish meʼyorlarini ishlab chiqish;

oʻz mablagʻlari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;

xorijiy davlatlardan oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish;

boʻsh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilash;

avtotransport vositalarining yoʻl bosish yillik limiti va ularga xizmat koʻrsatish talablarini belgilash.

Moliyaviy mustaqil oliy taʼlim muassasalari quyidagi moliyalashtirish tartibiga oʻtkaziladi:

barcha taʼlim yoʻnalishlari va bosqichlari boʻyicha bir talaba uchun toʻgʻri keladigan oʻrtacha xarajat miqdori hisoblab chiqiladi;

davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida bir talabaga toʻgʻri keladigan oʻrtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib belgilanadi;

davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun budjet mablagʻlari boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora hamda oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida imzolanadigan bitim asosida ajratiladi (bundan maqsadli mablagʻlar, shu jumladan stipendiya toʻlovlari, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasi uchun qonunchilikda belgilangan mablagʻlar, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim xarajatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida ajratiladigan boshqa mablagʻlar mustasno);

davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun ajratilgan budjet mablagʻlari (bundan maqsadli mablagʻlar mustasno) oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va hisobot davri oxirida mablagʻlarning qoldigʻi oliy taʼlim muassasasi ixtiyorida qoldiriladi;

davlat buyurtmasi sifatida ajratilgan mablagʻlar hamda toʻlov-kontrakt mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi tegishliligi boʻyicha yuqori turuvchi vazirlik va idorada roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda ulardan foydalanish budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi uchun belgilangan tartibga oʻxshash tartibda amalga oshiriladi. Bunda, moliya yili davomida daromadlar va xarajatlar smetasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar Moliya vazirligi bilan kelishilmaydi;

toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati bir talaba uchun toʻgʻri keladigan oʻrtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib, biroq oliy taʼlim muassasasini oʻzini oʻzi toʻliq moliyaviy taʼminlash, istiqbolda rivojlantirish hamda taʼlim xizmatlari bozoridagi oʻzaro raqobat asosida belgilanadi.

Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilayotgan oliy taʼlim muassasalarida:

asosiy vositalarni ijaraga berishdan tushgan mablagʻning 1 foizi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boʻlinmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi esa — elektron savdo maydonchasi operatoriga toʻlangan toʻlov chegirilgandan keyin mazkur oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi;

asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarni (bundan yer, bino, inshootlar, jumladan operativ boshqaruvga berilgan bino va inshootlar hamda oʻquv-ilmiy laboratoriya jihozlari mustasno) sotishdan tushgan mablagʻlar toʻligʻicha oʻz ixtiyorida qoldiriladi;

moliyaviy nazorat tadbirlarini xolisona va mustaqil oʻtkazadigan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil etiladi;

mablagʻlarning sarflanishi yuzasidan yuqori turuvchi vazirlikka (idoraga) har chorakda belgilangan tartibda hisobot beriladi;

Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tasarrufidagi mablagʻlar, moddiy boyliklar va mulkdan foydalanish toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar oʻz rasmiy veb-saytlariga muntazam joylashtirib boriladi;

mablagʻlardan oqilona va samarali foydalanish, jumladan xodimlar mehnatiga haq toʻlash va stipendiya toʻlovlarini oʻz vaqtida hamda toʻliq amalga oshirish uchun javobgarlik tegishli oliy taʼlim muassasasi rahbarlari zimmasiga yuklanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi PQ–4391-son qaroriga asosan oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan oliy taʼlim muassasalariga berilgan vakolat va huquqlar ushbu qarorga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etiladi. Bunda:

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan budjet mablagʻlarini oluvchi davlat tashkiloti hisoblanadi;

talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati oliy taʼlim muassasasi tomonidan taʼlim xizmatlari bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, biroq tegishli yoʻnalish boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalarida belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi;

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari kesimida qabul shartlarida toʻlov-kontrakt qiymati tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalarida tashkil etiladigan kuzatuv kengashlarining quyidagi 10 ta vakolati belgilab berildi:

oliy taʼlim muassasasining uzoq va oʻrta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori oʻrinlaridan joy olish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlarni belgilash hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;

oliy taʼlim muassasasining oʻrta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;

taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul parametrlarini belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

oliy taʼlim muassasasi oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosi, maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi boʻyicha rektor va prorektorlar faoliyatini oʻrganish hamda axborotini eshitish;

oliy taʼlim muassasasining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat oʻtkazish uchun qoʻshimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;

oliy taʼlim muassasasini rivojlantirish va moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal etish, shu jumladan nodavlat notijorat tashkiloti koʻrinishida maqsadli kapital jamgʻarmasini shakllantirish;

ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasalarining innovatsion va boshqa jamgʻarmalar mablagʻlarini sarflash tartibi va yoʻnalishlarini mustaqil belgilash;

oliy taʼlim muassasasi rahbari va xodimlari hamda professor-oʻqituvchilari faoliyatiga baho berish, ular faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;

oliy taʼlim muassasasi hamda ular huzuridagi taʼlim va ilmiy muassasalarning rahbari va xodimlari, professor-oʻqituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq toʻlash miqdori
va samaradorlik mezonlariga asoslangan ragʻbatlantirish
tartibini mustaqil belgilash;

oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan xarajatlarning taqsimlanish ulushini mustaqil belgilash.

Tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga ularning klinikalarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, kapital va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlar sarflashga ruxsat berildi.

Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalari uchun quyidagi imtiyozlar beriladi:

davlat oliy taʼlim muassasalari Soliq kodeksiga muvofiq soliq toʻlashdan ozod etiladi;

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalariga qonunchilikda oliy taʼlim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi;

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalariga ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qoʻllaniladi.

Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalari ROʻYXATI