Tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri A. Xadjibayev, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori A. Bekmurodov, ustoz-murabbiylar hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Unda soʻzga chiqqanlar yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda bilimli, vatanparvar, fidoyi yoshlarning oʻrni nechogʻlik muhim ekanligi, ularga mamlakatimiz kelajagi, umidi va ishonchi sifatida qaralayotgani va yuksak ishonch bildirilayotganini alohida taʼkidladilar.

Maʼlumki, Prezidentimizning 2021-yil 1-iyuldagi “N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida Sogʻliqni saqlash vazirligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga 2021/2022 oʻquv yilida N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetida bir guruh Oʻzbekiston fuqarolarining ordinaturada taʼlim olishini tashkil etish vazifasi berilgan edi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 11 ta mutaxassislik boʻyicha nomzodlarning mazkur universitet ordinaturasida taʼlim olishga yuborish boʻyicha hujjatlar qabul qilish va tanlov oʻtkazishni tashkil etish ishlari amalga oshirildi.

Natijada 174 nafar talabgordan 115 nafari N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti tomonidan tashkil etilgan tanlov (suhbat)dan muvaffaqiyatli oʻtib, test sinovlarida ishtirok etdi.

Test natijalariga koʻra, nomzodlardan 57 nafari 70 dan yuqori ball toʻplab, xorijiy talabalar orasida oʻtkaziladigan tanlovda qatnashish huquqiga ega boʻldi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Oʻtkazilgan tanlov yakunlariga koʻra, oʻzbekistonlik 37 nafar nomzod mazkur taʼlim muassasasi ordinaturasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi asosida bepul taʼlim olish imkonini qoʻlga kiritdi.

Bugun ushbu yoshlar 2 yillik ordinaturada tahsil olish uchun Rossiya Federatsiyasiga joʻnab ketadi.