Bu esa bojxona sohasi xodimlaridan doimiy ravishda oʻz ustida ishlashni, tizimga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilishni, pochta xavfsizligini taʼminlash kabi muhim yoʻnalishlarni doimiy takomillashtirishni talab etadi.
“Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida turli mamlakatlardan yurtimizda yashovchi fuqarolar nomiga kelgan hamda fuqarolarimiz tomonidan xorij davlatlariga joʻnatilayotgan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati amalga oshiriladi.
Xorijdan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mamlakatimizga olib kelishda maʼlum bir cheklovlar mavjud.
Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-iyundagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 1/a bandida, jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari uchun bir kalendar chorak mobaynida — 1000 AQSH dollarigacha hamda xalqaro pochta joʻnatmalarida har bir joʻnatma uchun 100 AQSH dollarigacha bojxona toʻlovlariga tortilmaydigan chegaralangan normalar belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorining 6-bandiga koʻra, yuridik shaxslar uchun bu meʼyor ham xalqaro pochta, ham kuryerlik joʻnatmalari uchun 100 AQSH dollariga teng boʻlgan qiymatni tashkil etadi.
Mazkur bojxona posti Toshkent shahrining Sirgʻali tumanida joylashgan. Bugungi kunda bojxona postida 21 nafar bojxona xodimlari xizmat qilishadi.
Bojxona postining “Xalqaro pochtamt” bojxona punkti mavjud. Bojxona postida bojxona nazorati jarayonlari avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshirilib, koʻrik jarayonlarida zamonaviy rengent qurilmalaridan foydalaniladi.
Joriy yilning oʻtgan 9 oyi mobaynida bojxona postida 3,8 ming tonna xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati amalga oshirilib, 119,9 milliard soʻmlik bojxona toʻlovlari davlat byudjetiga oʻtkazildi.
Bojxona postida bir kunda oʻrtacha 15-18 tonna xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bojxona nazoratidan oʻtkaziladi. Bu bir kunda 7000-7500 dona xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari degani.
Bojxona postida huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida ham tizimli kurash olib borilmoqda.
Xususan, post xodimlari tomonidan 197 ta holatda 615,6 million soʻmlik tovar-moddiy boyliklar, shuningdek boshqarmaning tezkor tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda 17 kg.dan ortiq giyohvandlik vositalari, 554 dona tarkibida psixotrop moddalar mavjud boʻlgan tabletkalarning noqonuniy kirib kelishining oldi olindi.
Bojxona postida xalqaro pochta va xalqaro kuryerlik joʻnatmalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida yaratilgan qulayliklar fuqarolarga manzur boʻlmoqda.
Post xodimlari esa mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga xamohang tarzda oʻzlariga yuklatilgan xizmat vazifalarini vijdonan, halol bajarib, kunu tun mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida oʻz hissalarini qoʻshib kelishmoqda.
Damir Albetkov,
“Bosh pochtam” bojxona posti boshligʻi