3D-printeri vositasida qurilgan dunyodagi ilk koʻprik

    Niderlandiyaning poytaxti Amsterdam shahrida 3D-printeri yordamida dunyodagi ilk koʻprik qurildi, deb yozadi iz.ru.

    Zanglamaydigan poʻlatdan ishlangan, oʻziga xos shaklga ega mazkur koʻprik shahardagi anhor ustiga oʻrnatildi. Uzunligi 12,2, eni 6,3 metrli koʻprikni yigʻish uchun olti oy vaqt sarflandi.

    “Biz gaz va standart payvandlash paychalaridan foydalandik. Payvandlash boʻyicha toʻplangan tajribadan kelib chiqib, koʻplab sanoat kompaniyalarida foydalanib kelinayotgan texnologiyalar asosida koʻprik yasadik”, deydi MX3D kompaniyasi bosh direktori Giys van der Felden.

    Zarurat tugʻilganida inshoot qismlarini yangisiga almashtirish imkoni bor. Bundan tashqari, koʻprikka hisoblagichlar ham oʻrnatilgan boʻlib, inshootdagi yuklama miqdori, hatto, atrofdagi havo sifatini ham hisoblaydi.

    Mart oyida AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan Koachella vodiysidagi Rancho-Miraj shahrida 3D-printer vositasida — ekologik toza materiallardan uylar qurilishi haqida xabar berilgan edi.