4-10-oktyabr kunlari “Keksalar haftaligi” oʻtkaziladi

    Ijtimoiy hayot 21 Sentabr 2021 7495

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi masʼul xodimi Farhod Eshmoʻminov maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 27-sentyabrdagi 816-son qaroriga asosan, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ularning oʻrnini yanada oshirish maqsadida har yil oktyabr oyining birinchi haftasida yurtimiz miqyosida “Keksalar haftaligi”ni oʻtkazish belgilangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-sentyabrdagi tegishli majlis bayoniga asosan, joriy yilning 4-10-oktyabr kunlari “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” gʻoyasi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida “Keksalar haftaligi” oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

    Xonadonlarimiz fayzi va barchamizning hayotimizda katta oʻrin tutuvchi keksalarga hurmat koʻrsatish, ularga har tomonlama koʻmak berish, shuningdek, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan ushbu haftalik doirasida joylarda qator maʼnaviy-maʼrifiy, sport, obodonlashtirish va xayriya tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan.

    Xususan, haftalik doirasida:

    — yurtimizdagi barcha mahallalarda nuroniylar, shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar, xayriya tadbirlari, jumladan, nuroniy va yoshlar oʻrtasida shaxmat-shashka boʻyicha “Aql charxi” turniri, voleybol, mini-futbol, stol tennisi va boshqa sport musobaqalari;

    — jamoatchilik vakillari ishtirokida hududlardagi yangi qad rostlagan “Nuroniylar maskani”, “Mahalla markazi” majmualari, fuqarolar yigʻini binolari hamda mahallalardagi boshqa ijtimoiy obyektlarning ochilish marosimlari;

    — mahallalarda hunarmand-ustalar, kulollar tomonidan yaratilgan milliy mahsulotlar hamda turli millat vakillarining amaliy sanʼat, hunarmandchilik buyumlari, liboslari koʻrgazmalari;

    — nuroniylar ishtirokida muzey, ziyoratgoh va qadamjolar, shuningdek, yurtimizdagi diqqatga sazavor joylarga sayohatlar;

    — ziyoratgoh va qabristonlar, yakka, yolgʻiz keksalar xonadonida hashar asosida obodonlashtirish ishlari;

    — 100 yosh va undan katta yoshdagi nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirokida “Asr bilan yuzma-yuz” mavzusidagi tadbirlar;

    — taʼlim muassasalarida ibratli hayot yoʻli va mehnati bilan aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan keksalar ishtirokida “Nuroniylar — yoshlar nigohida” mavzusida uchrashuv va koʻrik-tanlovlar, rasmlar koʻrgazmasi;

    — mahallalarda “Bobom, buvim va men kitobxon” shiori ostida kitobxonlik aksiyalari;

    — oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish maqsadida keksa avlod vakillari ishtirokida “Keksa avlod oilaviy ajrimlarga qarshi”, “Biz bor joyda jinoyatga oʻrin yoʻq”, “Hayotning qadriga yet” mavzularida davra suhbatlari tashkil etiladi.

    Shuningdek, “Keksalar haftaligi” davomida:

    — pensioner, yakka va yolgʻiz yashovchi keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishga koʻmaklashiladi, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi;

    — turli sohalarda faoliyat yuritib nafaqaga chiqqan keksa avlod vakillari ishtirokida uchrashuvlar uyushtiriladi;

    — malakali shifokorlardan tashkil topgan “Tibbiyot avtobuslari” orqali respublikamizning barcha hududlari, jumladan, chekka va olis hududlarda joylashgan mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi hamda zarur dori-darmon vositalari bilan taʼminlanadi;

    — nogironligi bor keksa ayollarga reabilitatsiya vositalari, yaʼni nogironlik aravachasi, hassa va qoʻltiqtayoq, eshitish moslamalari taqdim etiladi;

    — “100 yosh bilan yuzlashganlar” nomli kitob-albom, “Keksalik va maʼnaviy meros”, “Keksalari eʼzozlangan yurt” nomli risolalar takdimoti oʻtkaziladi.