Sayyor qabuli avvalida 4 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganligi munosabati bilan ularga identifikatsion ID-kartalar topshirildi. Bir necha yillardan buyon doimiy yashash guvohnomasi bilan hayot kechirayotgan fuqarolar endilikda konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish imkoniga ega boʻlishdi. Albatta ular bundan mamnun.
Shuningdek 16 yoshga toʻlgan 4 nafar yoshlarga ham ID-kartalar topshirildi. Tadbir davomida ushbu yoshlarning ilm olishlari uchun yaratilgan qulayliklar xususida soʻz borib, ular kelajakda yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Muloqotda fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasporti va identifikatsion ID-karta rasmiylashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, tan olish, doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtish kabi masalalar boʻyicha yordam soʻrishdi.
Jizzax shahridagi “Oʻrda” bogʻida joylashgan 3-sektor shtabi binosida oʻtgan qabulda har bir murojaat atroflicha oʻrganilib, ularni hal etishga eʼtibor qaratildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan va muddat talab etiladigan masalalar boʻyicha choralar belgilanib, masʼullarga topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda shahar va tuman boʻlinmalari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi. Tadbirda qonunchilik talablariga rioya etish, xizmat intizomini mustahkamlash, amaldagi meʼyoriy hujjatlar asosida ish yuritish, aholi bilan muloqotda xushmuomalada boʻlish lozimligi uqtirildi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati