4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov oʻrnatildi

    Mamlakatimizda 20 Yanvar 2023 810

    Mamlakatimizda aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov oʻrnatildi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, anomal sovuq oqibatida yoqilgʻi-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar sababli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida ham uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bu esa oʻz navbatida oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, piyoz narxiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazgan.

    Bugungi kunda respublika dehqon bozorlarida piyozning oʻrtacha chakana narxi 6 000-8 000 soʻm, ulgurji narxi oʻrtacha 5500-6500 soʻm ekani vazirlik tomonidan maʼlum qilindi.

    Shuningdek, jahonda kechayotgan geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy munosabatlar zanjiridagi murakkabliklar ham piyozning dunyo bozoridagi narxiga ham sezilarli taʼsir qilgan.

    Oqibatda, Oʻzbekiston va MDHda piyoz narxi 2 barobarga oʻsgan. Jumladan, bugungi kunda Ukrainada 74 (AQSH) senti, Gruziyada 56 sent, Belarussiya, Polsha, Moldova va Tojikistonda 47-50 sentni tashkil etmoqda.

    Mamlakatimizda, ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish, aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov oʻrnatildi.

    Bugungi kunda, joylardagi zaxira qilingan piyoz mahsuloti holati oʻrganildi. Jumladan, hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlanmoqda. Bu esa, joylarda piyoz zaxirasi mavjudligini koʻrsatmoqda.

    Mutaxassislarning tahlillariga koʻra, aholining isteʼmol talabi doirasida mavjud zaxiraga qoʻshimcha 26,5 ming tonna piyoz kerakligini koʻrsatmoqda. Ushbu mahsulotlarni import qilish boʻyicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

    Shu bilan birga, janubiy viloyatlarimizda bahor faslidan piyozning ertapishar navi yetishtirib olinadi. Jumladan, Surxondaryo va Qashqadaryo zaminida ekilgan urugʻ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabini toʻliq qoplanishi boʻyicha hisob-kitoblar mavjud.

    Hozirgi kunda esa, mamlakatimizda nafaqat piyozning balki, barcha asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining zaxirasi mavjud va oʻrnatilgan tartibda saqlanmoqda. Talab va taklif mutanosibligi asosida ushbu zaxiralarni mamlakatimiz dehqon bozorlariga chiqarish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bu borada barcha masʼullar aniq reja asosida ish yuritmoqda. Hukumat komissiyasi tomonidan taʼminotda uzilishlar boʻlmasligi yuzasidan va narx oshishining oldini olishga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Maʼlumot uchun:

    2022-yilda respublika boʻyicha barcha toifa xoʻjaliklarida 91,1 ming gektar maydonga piyoz ekilib, 1,9 mln tonna shundan, avgust-sentyabr oylarida 665 ming tonna kuzgi hosil yetishtirildi.

    Yetishtirilgan piyoz hosilining 1,2 mln tonnasi aholi isteʼmoliga, 203 ming tonna eksportga, 93,2 ming tonna zaxiraga, 210 ming tonna umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga yoʻnaltirildi.

    Bugungi kunda, joylardagi zaxira qilingan piyoz mahsuloti boʻyicha holat oʻrganildi. Jumladan, hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlanmoqda.