Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buvayda tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro M.X. inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi 6 dona “Tropikamid” va 14 dona “Pregabalin” nomli dori vositalarini fuqaro A.A.ga 2 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Urganch shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.M. fuqaro M.X.ga 468 ta kapsula kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 1,5 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Oltinsoy tuman boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “X.-N.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi X.M. xaridorga kirim hujjatlari boʻlmagan 250 dona “BENZONAL” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 750 ming soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Shayxontohur tumani boʻlimi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “G.P.“ MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi M.S. xaridorga shifokor retseptisiz tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 3 quti “BENZONAL” nomli dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan 170 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.