Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.

Taʼkidlanishicha, mazkur yoʻnalishda poyezdlar qatnovi “COVID-2019” pandemiyasi tufayli 2020-yilda toʻxtatilgan edi.

24-sentyabr kuni soat 19:55 da 505-sonli Toshkent – Moskva poyezdi “Toshkent-Markaziy” temir yoʻl vokzalidan tantanali tarzda kuzatildi. Ushbu tarkib soʻnggi manzilga 27-sentyabr kuni soat 23:12 da (Moskva vaqti bilan) “Pavelesskiy” temir yoʻl vokzaliga yetib boradi.

Moskva – Toshkent yoʻnalishidagi 506-sonli poyezd qatnov esa 28-sentyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 05:40da “Pavelesskiy” vokzalidan Toshkent shahri tomon harakatni boshlaydi. Ushbu yoʻnalish “Toshkent-Markaziy” temir yoʻl vokzaliga joriy yilning 1-oktyabr kuni erta tongda Toshkent vaqti bilan 08:25 da yetib keladi.

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ tomonidan ushbu xalqaro yoʻnalishlardagi qatnovlar uchun chegirmalar tashkil etilgan boʻlib, mazkur yoʻnalishga yoʻlovchilar chiptalarni chegirma asosida xarid qilishlari mumkin. Yaʼni qatnov sanasidan qancha koʻp kun oldin chipta xarid qilinsa, chegirma foizi shuncha yuqoriroq boʻladi.