Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, mamlakatimizdan qoʻshni davlatga chiqib ketish uchun “Farhod” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan ikki nafar fuqaro yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan va hech qanday hujjatlari boʻlmagan 153 dona toshbaqalar borligi aniqlandi.
Shundan soʻng olingan maʼlumotlar asosida bojxona xodimlari tomonidan tadbir davom ettirilib, “Farhod” chegara bojxona post atrofida toʻxtab turgan avtotransport vositasini xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Maʼlum boʻlishicha, avtotransport vositasining yukxonasi hamda salon qismining orqa oʻrindigʻida ham 4 dona qutilarga joylashtirilgan 247 dona toshbaqa boʻlgan.
Tabiiy populyatsiyani saqlab qolish uchun ushbu tur Qizil kitobning yangi nashriga kiritilgan. Ayni damda, 400 dona Oʻrta Osiyo toshbaqalari, Bekobod shahar ekologiya atrof muhitni muhofaza qilish boʻlimiga vaqtincha saqlashga topshirildi. Keyinchalik ular tabiatga qoʻyib yuboriladi.