Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunda barchaning umumiy oʻrta taʼlim olishi huquqi kafolatlangan. Mamlakatimizda taʼlim tizimi insonparvarlik tamoyiliga amal qilgan holda turli sabablarga koʻra oʻz vaqtida umumiy oʻrta taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlmagan, yaʼni maktabni toʻliq tamomlay olmagan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarni topshirish tizimi yaratilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan pandemiya sharoitida aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida bergan topshiriqlariga muvofiq, oliy taʼlim muassasalariga qabul uchun roʻyxatdan oʻtish jarayonlarining yakunlanishiga qadar eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarini oʻtkazib, attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga belgilangan tartibda davlat namunasidagi hujjat (shahodatnoma, attestat) berilishi taʼminlandi.

Bu yil eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarini topshirish uchun 5074 nafar fuqarolar murojaat etgan.

Shuningdek, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida karantin cheklovlari oʻrnatilganligi sababli eksternat tartibida yakuniy attestatsiya boshlanguniga qadar (2020-yil 15-iyun) belgilangan muddatda hujjat topshirishga ulgurmagan 278 nafar fuqarolarga qoʻshimcha ravishda eksternat tartibida yakuniy attestatsiyalarni topshirishga ruxsat berildi.

2020-yil 15-iyundan 30-iyunga qadar har bir hududda eksternat tartibida yakuniy attestatsiyalarni oʻtkazish huquqi berilgan maktablarda karantin qoidalariga rioya etgan holda yakuniy davlat attestatsiyalari oʻtkazildi.

«Men oilaviy sharoit tufayli maktabni oʻz vaqtida tugata olmagan edim, men ham tengdoshlarim qatori oliy maʼlumotli boʻlish orzusida edim, yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, bu yil eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalaridan muvaffaqiyatli oʻtib, menga 11 yillik umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida attestat berilganligidan mamnunman. Hujjatlarimni oliy oʻquv yurtiga xam topshirishga ulgurdim., Nasib etsa, oʻqishga kirib olsam, mendan baxtli odam boʻlmaydi, pandemiya sharoitida bizga shunday imkoniyat yaratib berganlardan minnatdorman» — deydi Fargʻona viloyatidan ekcternat tartibida yakuniy attestatsiyadan oʻtgan fuqaro Mohidil Djumaboyeva.

Eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalardan muvaffaqiyatli oʻtgan 444 nafar fuqarolarga 9 yillik umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida shahodatnoma hamda 3600dan ziyod fuqarolarga 11-sinf hajmida davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida attestat blankalari berildi hamda ularga oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirish yoki bandligini taʼminlash imkoniyatlari yaratildi.