Davlat rahbari tomonidan bunday holatlardan xulosa chiqarmagan rahbarlarni zudlik bilan lavozimidan ozod etish, ularning o‘rniga yosh va malakali kadrlarni tayinlash hamda energiya yo‘qotishlarini kamida ikki barobar qisqartirish bo‘yicha aniq KPI belgilash vazifasi qo‘yilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Hududiy elektr tarmoqlari AJda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov rahbarligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda sohadagi mavjud muammolar chuqur tahlil qilinib, energiya samaradorligini oshirish va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 106140 ta transformator punkti tekshirilgan. Shundan 25668 tasi ta’mirtalab ekani aniqlanib, hozirda ularni tiklash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, yuqori yuklamaga ega tarmoqlarda simlarni almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish, noqonuniy holatlarning oldini olish bo‘yicha choralar kuchaytirilishi belgilandi. Elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish loyihasini jadallashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Gaz ta’minoti sohasidagi ishlar ham tanqidiy ko‘rib chiqilib, jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Hududgaz Xorazm filiali rahbarini ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilish yakunida elektr energiyasi yo‘qotishlari yuqori bo‘lgan hududlar kesimida qator rahbarlar lavozimidan ozod etildi. Jumladan:

  • Andijon filialida — 14 ta,
  • Jizzax filialida — 7 ta,
  • Samarqand filialida — 10 ta,
  • Qashqadaryo filialida — 4 ta,
  • Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallarida — 2 tadan tuman (shahar) elektr korxonalari rahbarlari ishdan olindi.

Mutasaddilarga yoz va kuz-qish mavsumlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, infratuzilmani barqaror ishlashini ta’minlash hamda aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.