44 yil oldingi nikohning “soya”si “Temir daftar”ga tushdi

    Mamlakatimizda 16 Sentabr 2021 780

    Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasiga har kuni fuqarolardan turli mazmundagi murojaatlar keladi.

    Ularning aksariyati FHDYO sohasiga oiddir. Yaqinda kelib tushgan murojaatlardan birida ham fuqaro qonuniy nikohdan oʻtish borasida duch kelayotgan muammosiga yechim izlab, yordam soʻragan.

    Murojaatda qayd etilishicha, Urgutlik, 1954-yilda tugʻilgan fuqaro K.A. shaʼriy nikoh asosida ikkinchi bor turmush qurgan. Qizigʻi, birinchi turmushi bilan qonuniy tartibda ajrashmagan. Bu esa bugungi kunda oilaning “Temir daftar”ga kirishi uchun muammo tugʻdirmoqda. Uning murojaati asosida FHDYO arxividagi maʼlumotlar koʻzdan kechirilganda K.A. 1977-yilning 16-dekabrida A.H. bilan qonuniy nikoh asosida oila qurgani aniqlandi, deb xabar bermoqda DXA Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 16-moddasiga binoan loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida birinchi nikoh bekor qilinmasdan turib, boshqa nikohga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan. Shu asosda fuqaroga ham shu tartib-tamoyil tushuntirildi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, ayrim shaxslarda er-xotin uzoq vaqt birga yashamasa yoki qonuniy nikoh tuzilgan boʻlsayu, guvohnomani yoʻqotib qoʻygan boʻlsa nikoh oʻz-oʻzidan bekor boʻladi degan notoʻgʻri yondoshuv mavjud. Agar FHDYO boʻlimi tomonidan berilgan fuqarolik holati bilan bogʻliq biror bir hujjatni yoʻqotgan boʻlsangiz, uni istalgan FHDYO boʻlimida eksterritorial tamoyilidan foydalanib, qayta tiklatishingiz mumkin.

    Shuningdek, Oila Kodeksining 7-bobida nikohning tugatilishi sud tartibida, ushbu Kodeksning 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshirilishi alohida belgilab qoʻyilgan.