480 gramm vaznda tugʻilgan chaqaloq 2 yoshga toʻldi

    Suhbat 4 Yanvar 2021 5708

    Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi bosh neonatologi Malika USMONOVA bilan suhbati.

    — Bola neonatolog parvarishidan soʻng onasi qoʻliga berilgach, nimalarga eʼtibor qaratishi lozim?

    — Hamma yangi tugʻilgan chaqaloqlar kabi bu goʻdaklar ham toʻgʻri rivojlanishi uchun nafas olishi va tana haroratining nazorati zarur. Eng muhimi, uning ovqatlanishi, ishtahasi yaxshi boʻlishini doimiy kuzatib borishi kerak. Tana harorati 36,5 dan 37,5 gacha meʼyor hisoblanadi. Bolani isitib yuborish ham toʻgʻri kelmaydi.

    Bunday bolalarni ota-onalari koʻproq bagʻrida olib yurishlari maqsadga muvofiq. Tana harorati bir meʼyorda boʻlishi bolaning nafas olishi, koʻkrak olishi va ichi kelishiga yaxshi yordam beradi. Vaqti-vaqti bilan shifokor koʻrigidan oʻtib, audiometriya — eshitish qobiliyatini tekshirish, shu bilan birga, oftalmolog va nevropatolog nazoratida boʻlishlari ham lozim.

    — Tajribangizda eng muvaffaqiyatli kichik vaznliligidan parvarish qilgan chaqalogʻingiz haqida gapirib bersangiz...

    — Bunday misollarimiz koʻp. Masalan, bundan ikki yil avval Risolat ismli qizchamiz 480 gramm vazn bilan homiladorlikning 25-haftasida tugʻildi. Uning parvarishi, muddatiga yetib olishi, sogʻlom boʻlib uyiga chiqib ketishi uchun uch yarim oy vaqt ketdi. Hozir uning sogʻligʻi juda yaxshi.

    Qizaloq 2 yoshga toʻldi. Har gal uni koʻrganimda quvonib ketaman. Shu jajji murgʻakkinaning yashab qolishi uchun qilgan mehnatimiz besamar ketmaganidan xursand boʻlaman.

    — Aytingchi, ushbu sohada mutaxassislar yetarlimi, yurtimizda ularning xalqaro talablarga mos ravishda tajriba orttirishlari uchun sharoitlar yaratilganmi?

    — Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida neonatologiya kafedralari, bir qator milliy trenerlar va bosh neonatologlar bu sohaning rivojlanishiga oʻzlarini masʼul deb hisoblaydilar.

    Joylarda ham amaliyot yuqori darajada boʻlishi uchun qoʻllanmalar, standartlar tayyorlashadi, kuratorlik chiqishlari qilib, joylarda amaliy yordam koʻrsatishadi. Mutaxassislar viloyatlardan muntazam ravishda Respublikamiz perinatal markazlarida, Rossiya va boshqa davlatlarda oʻz malakalarini oshirib kelmoqda.

    2018-yil noyabr oyida mamlakatimizda shu yoʻnalishda yirik konferensiya oʻtkazdik. Oxirgi yillar hisoboti, neonatal yutuqlarimiz va rejalarimiz haqida fikr yuritdik. Ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari Oʻzbekistonda neonatal xizmat jahon talablariga mos ravishda rivojlanib borayotganini eʼtirof etishdi. Bu bizga berilgan yuqori baho edi.

    — Neonatologiya sohasi viloyatlarda ham yoʻlga qoʻyilganmi? U yerdagi mutaxassislar darajasiga qanday baho berasiz?

    — Viloyatlardagi hamda markazlardagi muassasalarda jihozlar bir xil taqsimlangan. Hududlardagi bosh neonatologlar va barcha neonatologlar bir-birlari bilan uzviy bogʻlanishgan.

    Markazdagi yetakchi klinika va kafedra xodimlaridan oʻz vaqtida onlayn shaklda maslahat olish imkoni bor. Har bir yangi maʼlumot darhol barcha mutaxassislarga yetkaziladi. Kuzatuvlarimiz va hisobotlar viloyatlarda ham neonatal yutuqlarimiz yomon emasligini koʻrsatib turibdi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.