Qaror bilan ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Xususan, oilaviy sport ragʻbatlantiriladi, ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

2022-yildan har yili 30-iyun – Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabrda oʻtkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari boʻyicha 5 bosqichli ommaviy sport musobaqalari oʻtkaziladi.

▫️1-bosqichda – koʻchalararo mahalla musobaqalari;▫️2-bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari;▫️3-bosqichda – sektor musobaqalarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari;▫️4-bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari gʻolib mahalla jamoalari oʻrtasida viloyat musobaqalari;▫️5-bosqichda – viloyat musobaqalarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida respublika (final) musobaqalari.

Ushbu musobaqalar 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkaziladi.

2023-yil 1-martdan olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha 3 bosqichli umumrespublika sport musobaqalari oʻtkaziladi.

Yuqoridagi musobaqalar gʻoliblarini tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari va sport-taʼlim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga quyidagi malaka toifalari toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi:

tuman (shahar) bosqichi musobaqalarida gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;

viloyat bosqichi musobaqalarida gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;

respublika (final) bosqichida gʻolib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi.