Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yilning mart oyida beshta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu – yoshlarni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish, ularda zamonaviy axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini oʻz ichiga oladi.
Matbuot anjumanida “Prezidentning 5 muhim tashabbusi” ijrosi yuzasidan masʼul boʻlgan mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, jumladan, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi xodimlari amalga oshirilgan ishlar yuzasidan oʻz hisobotlari bilan ishtirok etdi.
- Besh muhim tashabbus dastlab Toshkent viloyatining Boʻka tumani va Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tajriba sifatida joriy etildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparatining besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarma boshligʻi Mansur Masharipov. — 42 ta tuman va shaharlarning 168 ta olis va ogʻir ahvoldagi mahalla fuqarolar yigʻinlarida bu tajriba muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shuningdek, birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish boʻyicha yurtimizdagi mavjud 800dan ortiq madaniyat markazlarida 4522 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga 1762 ta musiqa jihozi yetkazib berilgan. Umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan 36503 ta toʻgarakka 1 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olingan. Umumtaʼlim maktablarida tasviriy sanʼat va musiqa yoʻnalishidagi 36 503 ta toʻgaraklarga 1,1 mln.nafar (18%) oʻquvchi-yoshlar jalb qilingan. 3 mingdan ortiq musiqa jihozlari yetkazib berilgan.
Shu bilan birga matbuot anjumanida qolgan 4 yoʻnalish yuzasidan ham qilingan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtildi.
Jumaladan ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish boʻyicha umumtaʼlim maktablarida 10 ta sport turi boʻyicha 49 196 ta sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 1,2 mln nafar oʻquvchi-yoshlar muntazam shugʻullanib kelishayotganligi hamda 254 ta Bolalar va oʻsmirlar sport maktablariga 328 875 nafar, 54 ta Sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablariga 33 438 nafar oʻquvchi-yoshlar jalb qilinganligi haqida maʼlumotlar aytib oʻtildi.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar orasida kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanishni tashkil etish boʻyichayoshlarni kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanishini tashkil etish maqsadida 72 ta “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi ham yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Toʻrtinchi tashabbus – yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha ham koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Maʼrifat karvoni” tadbirlari doirasida 3 mln dan ortiq kitoblar yoshlarga yetkazib berildi, “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 59 ta nomdagi 590 ming dona badiiy adabiyotlar chop etilib, respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari kutubxonalariga tarqatildi.
Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanloviga 2017-2019-yillar davomida 2 mln. 170 mingdan ortiq yoshlar qamrab olinib, 8 nafar tanlov gʻoliblari boʻlgan yosh kitobxonlar Prezident sovgʻasi “Spark” avtomashinasi sovrindori boʻlganligi ham yoshlarimizni kitobxonlik ruhiga yana qaytganini yorqin isbotidir.
Tadbirda “Yosh kitobxon” tanlovining 2020-yilgi saralash bosqichlari
23-25-dekabrʼ kunlari barcha tuman (shahar)larda oʻtkazilishi toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi va bu jarayon online tarzda amalga oshirilishi aytib oʻtildi.
Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash ishlarini tizimli tashkil etish yoʻnalishi ham eng dolzarb yoʻnalishlardan biri boʻlib bugunga kelib Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan sohaga oid tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi hususida qizgʻin muzokaralar boʻldi.
- Ilk marotaba yosh xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshiri, gender tenglik va ular bandligini taʼminlash maqsadida “Qizlar ovozi” platformasi yaratildi,— deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshligʻi Mukarram Nurmatova. — Forum doirasida mamlakat istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir qizlar safini kengaytirish orqali jamiyatda gender tengligini taʼminlash, shuningdek demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda qizlar faolligini oshirish maqsadida joylarda “Qizlar ovozi” klubi tashkil etildi.
Oʻtgan davr mobaynida xotin-qizlar uchun jami 170 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Tijorat banklari va Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 172 mingdan ortiq xotin-qizlarga 4,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.
Hozirgi kunda respublikamizda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlar soni 3 596 406 nafarni tashkil qilmoqda. Joriy yilda 76,2 mlrd. soʻm imtiyozli mablagʻlar evaziga 76 198 nafar yosh xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi, shuningdek, 15 935 nafar yosh xotin-qizlar kasb-hunarga oʻrgatildi.