Bugun Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov huzurida boʻlib oʻtgan navbatdagi xizmat yigʻilishida shaxsan rais tomonidan bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan, tizimda hanuzgacha korrupsiyaga qoʻl urayotgan xodimlar uchrayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Afsuski, noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga sharoit yaratgan ayrim xodimlar “mening qilmishimni hech kim koʻrmayapti, hech kim bilmayapti” qabilida ish tutishmoqda. Vaholanki, ular bojxona organlarining tezkor tuzilmalari tomonidan 5-6 oy davomida tezkor kuzatuvga ostiga olingan edilar.

Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona postida joriy yilning iyun-sentyabr oylarida olib borilgan tezkor oʻrganish ishlari natijasida,  olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositalarini hujjatlarda goʻyoki boʻsh holatda deya koʻrsatgan holda olib chiqilganligiga doir fakt va dalillar aniqlandi.

Yigʻilishda DBQ Raisi mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi. 

“Oybek” chegara bojxona posti boshligʻi oʻrinbosari va 3 nafar xodimlari shu kunning oʻzida bojxona organlaridan boʻshatildi va tergov organlariga topshirildi.

Shuningdek, bugun tungi soat 3.30 da “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona postida aniqlangan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniny olib kirishga urinish holati ham yigʻilishda keskin tanqid ostiga olindi.  Natijada, mazkur post smena boshligʻi ham bojxona organlaridan boʻshatildi.

Bojxona organlari tezkor tuzilmalari tomonidan Fargʻona viloyatida aniqlangan navbatdagi salbiy holatda esa tovarlarni “reeksport” qilmasdan, ichki hududda olib qolinishiga sharoit yaratib bergan xodimlar qilmishi tanqid qilindi. Mazkur holatga aloqador “Qoʻqon” TIF bojxona postining 1 nafar xodimi bojxona organlaridan boʻshatildi va holatga aloqadar bir qator xodimlar intizomiy jazoga tortildi.