5 ta axborot tizimi, 8 mingta IT–operator hamshirasi shtati joriy etildi

    Raqamlashtirish 6 Sentabr 2021 2754

    Aholiga tez va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, tibbiyot sohasini yanada takomillashtirish, tizim xodimlari va bemorlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamisha ham dolzarb sanalgan vazifalardir.

    Lekin bugungi zamonaviy tibbiyotni axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirishni jadallashtirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

    Eʼtiborlisi, soʻnggi 4-5 yil ichida 3 029 ta birlamchi va davolash profilaktika muassasalarga yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi oʻtkazildi. Shu bilan birga, 3 turdagi maʼlumotnomalarni “Elektron hukumat” tizimi orqali berish boʻyicha idoralararo axborot tizimiga integratsiya qilindi.

    Sohaga doir 5 ta axborot tizimi (“Elektron poliklinika”, “Emlash.uz”, “Bemor.uz”, “Xatlov.uz”, “Tugʻilish va oʻlim holatlarini elektron roʻyxatga olish”) ishlab chiqildi.

    Bundan tashqari, xalqaro tajriba oʻrganilib, sogʻliqni saqlash tizimini 2025-yilga qadar raqamlashtirish strategiyasi (E-health-2025) loyihasi ishlab chiqildi. Ayniqsa, 8 mingta IT–operator hamshiralari shtati joriy etilgani va boshqa sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligi oshirilgani sohadagi muhim oʻzgarishlardan biri boʻldi.

    Bir soʻz bilan aytganda bugungi kunda tibbiyot tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar yurtdoshlarimizga yanada sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini beryapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.