5 ta xususiy OTMning litsenziyasi bekor qilindi

    Ta'lim 10 Fevral 2024 19410

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur OTM talabalari kelgusi taqdiri boʻyicha maʼlumot berdi.

    Nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayonini tashkil etish va litsenziya talablari buzilganlik holatlari boʻyicha vazirlikka kelib tushgan norozilik murojaatlari asosida tekshirish oʻtkazildi.

    Tekshiruv natijalariga koʻra hozirga qadar litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzgani uchun 6 ta nodavlat oliy taʼlim tashkilotining tegishli litsenziyasini bekor qilish boʻyicha sudga davo arizalari kiritildi.

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, shundan 5 tasining tegishli litsenziyalari sud qaroriga koʻra bekor qilingan boʻlsa, 1 ta nodavlat oliy taʼlim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish boʻyicha sud jarayoni davom etmoqda.

    2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son Qarorga koʻra litsenziyasi bekor qilingan taʼlim tashkiloti yoki yopilgan taʼlim dasturida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda koʻchirish huquqi vazirlikka berilgan.

    Shundan kelib chiqib, bugungi kunga qadar sud jarayonlari toʻliq yakunlangan va litsenziyasi bekor qilingan oliy taʼlim tashkilotlari – “Valley Innovative University”, Urganch shahridagi Binari universitetining barcha talabalari tegishli tartibda oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirildi.

    Hozirda litsenziyasi bekor qilingan boshqa oliy taʼlim tashkilotlarining talabalarini oʻqishini koʻchirish ishlari tashkil etilmoqda.

    Vazirlik litsenziyasi bekor qilingan oliy taʼlim tashkilotlarining biron-bir talabasi koʻchada qolmasligini maʼlum qiladi.

    Barcha talabalarning arizasiga asosan oʻqishi belgilangan tartibda boshqa oliygohlarga koʻchirilishi taʼminlanadi.