5-yildan buyon qidiruvda boʻlgan oʻzbekistonlik erkak Turkiyadan deportatsiya qilindi

    2019-yildan buyon qidiruvda boʻlgan, 1977-y.t. Abdullayev Otabek Mashrabovich Turkiyadan Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.

    Firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblangan fuqaro Turkiya va Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida qoʻlga olingan.

    Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar qildi.

    Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr koʻrgan fuqarolardan Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilish soʻraladi.

    Jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy taʼqib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qatʼiy taʼminlanadi.