Nishon tumanining “Gulzor” MFY da yashovchi Feruza Roʻziyevaning jismonan imkoniyatlari cheklangan, yurishda qiynaladi. Uning turmush oʻrtogʻi ham uzoq yillardan buyon dard bilan kurashadi. Yaqinda ana shu oilaning umumiy sharoitlari hisobga olinib, imtiyozli tarzda yashash xonadoni berildi. Ayni kunlarda oila aʼzolarining quvonchi cheksiz. Biroq yangi xonadonni rasmiylashtirishda kadastr masalalari oʻrtaga chiqdi. Hujjatlar “gapiradigan” zamonda esa busiz juda qiyin. Hayriyatki, oʻzlari borishga qiynaladigan bu oilaga Nishon tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatildi. “Oʻzimiz keldik” aksiyasi doirasida davlat xizmatchilari Feruza Roʻziyevaning xonadonida boʻlishib, kadastr xujjatlarini rasmiylashtirdi.
— Bir tanishimning maslahati bilan davlat xizmatlariga telefon orqali murojaat qildim, — deydi Feruza Roʻziyeva. — Oʻzim esa yurishda qiynalaman. Birovning yordamisiz biror yoqqa chiqishim juda qiyin. Baraka topishsin. Bir luqma telefon qoʻngʻirogʻi bilan juda tez fursatlarda yetib kelishdi. Uning ustiga 50 foizli chegirma imkoniyatlaridan foydalandim.
Prezidentimizning 2021-yil 24-iyuldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlar boʻyicha 50 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi. Fuqaro Feruza Roʻziyevaga ham ana shunday imkoniyatlar taqdim etildi, deb xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.