550 million soʻmlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari toʻxtatib qolindi

    Taʼkidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning oʻtgan 4 oyi davomida aniqlangan 216 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 17 mlrd. 577 mln. soʻmlik dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy olib oʻtilishiga chek qoʻyilgan.

    Respublikamiz bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

    Jumladan, Davlat bojxona qoʻmitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxtimizning Mirobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxslardan biri sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 2500 dona “Kleksan” dori vositalarini sotayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davomida poytaxtimizdagi sport klublaridan birining omborida ham 1233 dona shu nomdagi dori vositasi noqonuniy ravishda saqlanayotganligi fosh qilindi.

    Mazkur holatda qonunbuzar shaxslardan olib qoʻyilgan 3733 dona dori vositalarining umumiy qiymati 250 mln. soʻmni tashkil qilmoqda.

    Ayni shu kuni Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari poytaxtimizning Chilonzor tumanida ham tezkor tadbir oʻtkazishdi.

    Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” avtotransport vositasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, uning saloni va yukxonasida 165 nomdagi 1089 quti dori vositalari hamda 468 dona ozidruvchi choylar ortilgani aniqlandi.

    Xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan mazkur tovarlarning umumiy qiymati 300 mln. soʻmni tashkil qilmoqda.

    Hozirdagi ushbu holatlarga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.