572 nafar Oʻzbekiston fuqarosi AQSHdan deportatsiya qilindi

    2023-yil sentabrdan 2024-yil sentabrgacha AQSH immigratsiya va bojxona xizmati mamlakatdan 572 nafar Oʻzbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 6,5 baravar koʻp.

    AQSH Immigratsiya va bojxona nazoratining hisobotiga koʻra, deportatsiya qilinganlar sonining koʻpayishi Markaziy Osiyodan AQSHga koʻchib oʻtishni rejalashtirayotgan odamlar sonining koʻpayishi bilan bogʻliq.

    Ular koʻpincha Meksika, Kolumbiya, Boliviya va boshqa mamlakatlar orqali murakkab va noqonuniy yoʻllardan foydalanadilar.

    Amerika rasmiylarining hisob-kitoblariga koʻra, 2021-yildan 2023-yilgacha Oʻzbekistonning 13 600 ga yaqin fuqarosi Meksika orqali AQSHga kirishga uringan. Oʻtgan yili chegaraning ushbu qismida 50 mingdan ortiq Markaziy Osiyo vakillari hibsga olingan.

    Koʻrinib turibdiki, butun dunyoda migratsiya jarayonlari murakkablashib bormoqda. Eng yaxshisi va eng toʻgʻri yoʻl — qonuniy, tashkiliy migratsiyani tanlash!