58 dona koʻpyillik daraxt bir kechada kesib tashlangan — Davlat ekolgiya qoʻmitasi

    Kecha, 7-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasida daraxtlarni noqonuniy kesilishi bo‘yicha xabar tarqaldi.

    Davlat ekolgiya qo‘mitasining ta’kidlashicha, mazkur holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligida tezkor ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqib atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.

    O‘rganish natijasiga ko‘ra, ushbu hudud “DREAM HOUSE STROY” MCHJga tegishli bo‘lib, qurilish uchun ajratilgan hudud jami 0.20 gektar yer maydonidan iborat.

    Joriy yilning 20-yanvarida davlat ekologiya inspektorlari tomonidan hududdagi daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, jami 58 dona turli manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

    Mazkur hujjat bilan “DREAM HOUSE STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkilotiga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikka belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan, shuningdek, korxona vakillari tomonidan daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 2022 yil 20 yanvarda kafolat xati taqdim etilgan.

    2022-yil 17-fevralida “DREAM HOUSE STROY” MCHJ tomonidan Yagona darcha xizmati markazi orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bilan murojaat etilgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarma tomonidan ariza atroflicha o‘rganilib, daraxtlarnig kesilishi borasida rad javobi berilgan.

    Maxsus ishchi guruh tomonidan bugun tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida MCHJga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilinganligi aniqlandi.

    Daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganligi natijasida o‘simlik dunyosiga jami 797 700 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

    Bu bilan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasi talablari buzilib, Davlat ekologiya inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 197 prim 6-moddasi, “Jinoiy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 198-moddasiga asosan javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.