5G hozirgi mobil internet tezligidan kamida 10 barobar va undan yuqori tezlikda maʼlumotlar uzatmasini amalga oshiradi. Xoʻsh, bu misli koʻrilmagan internet tezligi bizga, umuman insoniyatga nima beradi? Yashash tarzimizni qay tomonga oʻzgartirishi mumkin? Bunga albatta misollar talaygina. Yuqori tezlikdagi mobil internet kundalik yashash tarzimizda keng qoʻllanilishi kutilmoqda. 5Gning eng asosiy xaridorlaridan biri bu — meditsina sohasidir. Ayni damda baʼzi mamlakatlarda shu soha vakillari va shifokorlar tayyor 5G stansiyalari va tegishli prototiplar hamda robotlar yordamida telemeditsina ustida izlanishlar olib borishmoqda.
Yuqori internet tezligi yordamida real vaqt oraligʻida, hech qanday uzilishlarsiz (maʼlumotlar uzatmasidagi toʻxtalish 1m/s) masofadan turib jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi. Masalan, Andijonda amalga oshirib boʻlmaydigan operatsiya uchun Toshkentga kelishning hojati qolmaydi. Koʻp hollarda bemorlarning ahvoli ogʻirligi tufayli boshqa shahar yoki mamlakatlarga borish imkoni boʻlmaydi, bu esa oʻz navbatida bemor salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Albatta ,shu onda 5G tezligi yordamga kelishi va malakali mutaxassis boshqa bir shahar yoki davlatdan turib bemorning ahvolini tegishli yordamchi va robotlar yordamida koʻzdan kechirib, tegishli xulosalar natijasida jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin boʻladi. Bu, albatta, kelajakda telemeditsina rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi va bemorlarning ogʻirini yengillashtiradi.
Teletibbiyot endi rivojlanayotgan soha va amaliyotda kamdan-kam hollarda qoʻllanilayotgan deb qaralsa-da, 1965-yilda buyuk kardiojarroh Maykl DeBakeyning sunʼiy yurakning aorta klapanini almashtirish boʻyicha jarrohlik amaliyoti birinchi marta videokonferensaloqa orqali namoyish etilgan.
Uzoq masofadan operatsiya qilish amaliyoti esa ilk bor 2001-yili amalga oshirilgan. Bunda AQSHda turgan jarroh Fransiyadagi bemorning oʻt pufagi olib tashlagan. Shifokorning robot bilan aloqasi kabel orqali amalga oshirilgan. Robotlarning miqdori kamligi va ishonchli aloqa tarmoqlarning mavjud emasligi bois oʻsha paytdan beri bunday operatsiyalar qayta qilinmagan.
Biroq yuqori tezlikdagi 5G mobil aloqasining paydo boʻlishi hamda robotlar ishlab chiqarilishini kengayishi natijasida telejarrohlik odatiy holga aylanishi kutilmoqda. Masalan, italiyalik shifokorlar 5G aloqasini konsultatsiyalar uchun qoʻllashni yoʻlga qoʻydilar, bunda malakali shifokorlar, hali yetarli tajribaga ega boʻlmagan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan jarrohlik operatsiyasini boshqarib turishadi. Yaqinda esa yana bir tajriba oʻtkazildi, bunda murakkab mikrojarrohlik lazer operatsiyasi masofadan oʻtkazildi. Bemorda emas, balki murdada oʻtkazilgan mazkur amaliyotda uch oʻlchamli video-signallar jarrohdan robotgacha 102 millisekundda yetib borgan.
Hozirda telemeditsina sohasida yurtimizda ham ilk tajriba sinovdan oʻtkazildi. 2020-yilning 17-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda respublikada ilk bor telemeditsina amaliyotiga start berdi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali professor va shifokorlari Moʻynoq tumanidagi 18 yoshgacha boʻlgan surunkali kasalliklari bor bolalarni real vaqtda masofadan tibbiy koʻrikdan oʻtkazdilar. Tibbiy koʻrik jarayonida bolalar tekshirilib, ularga eng maqbul davo choralari tavsiya qilindi. Yurtimizning chekka hududlaridan biri Moʻynoq tumanida istiqomat qiluvchi bolalar mazkur tumanda tashkil etilgan zamonaviy Innovatsion telemeditsina klinikasiga kelib, yurtimizning eng yetuk shifokorlaridan maslahatlar oldilar.
— Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida joylashgan 5G laboratoriyasi oʻquv mashgʻulotlari va tadqiqotlar olib borishga moʻljallangan, — deydi Innovatsion ishlarmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov. – Laboratoriyada talabalar va tadqiqotchilar oʻz loyihalari ustida ishlash, uskunalar va antennalar yordamida ixtirolarining amalda nima qila olishi yoki ularning imkoniyatlarini solishtirib koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi. Bizdagi antenna tizimlari (massive MIMO) yordamida biz maʼlumotlar almashinuvidagi xato va kamchiliklarni, oʻzgarishlarni kuzatib borishimiz va internet tezligiga xalaqit beruvchi shovqinlarni aniqlashimiz mumkin. Bundan tashqari, maʼlumotlar uzatib berish qatlamlariga bosim oʻtkazish natijasida internet tezligini oshirishga nima toʻsqinlik qilayotganini kuzatamiz .
Mazkur laboratoriya karantin talablari biroz yumshab, yoki umuman bekor qilinganidan keyin barcha uchun ochiq boʻladi. Iqtidorli yoshlar uchun shu yerda oʻquv kurslari tashkil etiladi. Bu esa 5G imkoniyatlaridan foydalanishni biladigan mutaxassislar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Demak, telemeditsinani Oʻzbekistonda qoʻllash uchun mobil aloqa operatorlari bilan hamkorlikda tegishli prototiplarni xarid qilish lozim. Hozirgi kunda foydalanilayotgan 4G mobil internetining maksimal tezligi 100/mbitni tashkil etayotgan boʻlsa, 5G esa kamida 1/Gbit tezlikda ishlaydi, yaʼni internet tezligi kamida 10 barobarga oshadi.
Demak yurtimizga 5G internet tezligining kirib kelishi uzoq hududlardagi bemorlarning davolanishi, ularga jarrohlik amaliyotlarini qoʻllash sifatini oshirishga yordam beradi.