Jumladan, chet tili, IT, matematika, kimyo, biologiya boʻyicha milliy va xalqaro sertifikati bor oʻqituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida toʻlov joriy etildi.
Natijada 6 million soʻmdan 10 million soʻmgacha maosh oladigan oʻqituvchilar soni 23 mingga yetdi, 10 million soʻmdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi. Yana 2 mingga yaqin oʻqituvchilarga vazir jamgʻarmasidan qoʻshimcha ustamalar toʻlanyapti.
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar koʻp.
Joriy yilda Toshkentdagi 81-maktab va Al-Xorazmiy ixtisoslashgan maktabi Xalqaro ekomaktab dasturining oliy mukofotiga sazovor boʻldi. Bunday yutuqqa Markaziy Osiyoda ilk bor bizning maktablarimiz erishdi.
Yuqori malakali, oʻz ustida ishlaydigan muallimlarni yangi yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlash tizimi yaratildi.
"Koʻp yoshlarimiz qiziqishi va qobiliyatiga mos kasb-hunar egallashni afzal koʻrayotgani ham davr talabi. Shu bois bolalarimizga maktabdayoq kamida ikkita chet tili, kompyuter va kasb-hunarni oʻrgatsak, qoʻlida hunari boʻlsa, hayotda oʻz oʻrniga ega boʻladi”, - dedi Prezident.