6 milliard 50 million soʻmlik muzlatkichli omborxona ishga tushirildi

    Prezidentimiz raisligida joriy yilning 16-oktyabr kuni oʻtkazilgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida oziq ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash borasida muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

    Fargʻona viloyatda ham oziq ovqat xavfsizligini taʼminlash, bozorlarda narx-navoning barqarorligini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Fermer va dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalarining asosiy muammolaridan biri – bu tayyorlangan mahsulotni saqlash bilan bogʻliq. Tahlillarga qaraganda bozorlardagi narx-navoning oʻsishi va pasayishi ayni ana shu jarayonga bogʻliq. Chunki, mavsumda yetishtirilgan mahsulotni saqlash imkoniyati boʻlmagani uchun ulgurji tarzda bozorlarga chiqarilishi natijasida mahsulot tannarxi arzonlashadi. Qish va bahor oylarida esa bu mahsulotlar kamayishi natijasida talab ortadi va narxlar keskin koʻtarilib ketadi.

    Ana shu maqsadda viloyatning Oltiariq tumanida ham 2019-yilda tuman iqtisodiy ijtimoiy rivojlanish hududiy dasturi doirasida muzlatkichli omborxonalar tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻtgan yilda tuman iqtisodiy ijtimoiy rivojlantirish hududiy dasturi doirasida jami 6 milliard 50 million soʻm, shundan ipoteka bank kredit mablagʻ hisobidan 4 milliard 50 million soʻm mablagʻ evaziga bir yarim ming tonna sigʻimga ega muzlatkichli omborxona ishga tushirildi. Uskunlar Xitoy davlatidan olib kelindi. Ayni paytda bu yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sovutish va saqlash xizmatlari yoʻlga qoʻyildi.

    Mazkur omborxona “Zulfiya oltiariq fayz” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshirildi. Xoʻjalik taʼsischisi Shaxriyor Hakimovning taʼkidlashicha, xoʻjalikda asosan qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, bogʻdorchilik faoliyat turlari mavjud.

    Xalq deputatlari Oltiariq tuman kengashi sessiyasida taʼkidlanganidek, ayni paytda tumanda 73 ta muzlatkichli omborxona mavjud boʻlib, sigʻimi 53 ming tonnani tashkil etadi.

    Bu esa tumanda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan birga, bobodehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilni sifatli, isrofgarchiliksiz xalqimiz dosturxoniga yetib borishiga, bozorlardagi narx-navoning barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.