6 million dollardan ziyod 3ta yangi loyiha

    Xalqaro hamkorlik 28 Dekabr 2020 771

    Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi “yoshlar, innovatsiya va sogʻliqni saqlash” yoʻnalishlari boʻyicha uchta yangi loyihani moliyalashtirishni maʼqulladi.

    BMT shafeligida tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi Boshqaruv qoʻmitasi arizalarni qabul qilish boʻyicha ikkinchi chaqiriq doirasida “yoshlar, innovatsiya va sogʻliqni saqlash” yoʻnalishlariga oid umumiy qiymati 6 million dollardan ortiq boʻlgan 3 ta loyihani moliyalashtirishni maʼqulladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Ushbu arizalar mustaqil ekspertlardan iborat baholash qoʻmitasi tomonidan oldindan koʻrib chiqildi. Ekspertlar tarkibiga hukumat organlari vakillari, BMT xodimlari, mustaqil ekspert va Trast fondi texnik kotibiyati aʼzosi kiradi. Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha arizalar Trast fondi talablariga javob beradi, deya topildi va belgilangan tartibda tasdiqlandi.

    Birinchi loyiha — “COVID-19 paytida va undan keyin yoshlarning isteʼdodlarini jalb qilish va suv, sanitariya, gigiyena va ovqatlanish sifatini yaxshilash orqali Qoraqalpogʻistonning barqaror kelajagiga sarmoya kiritish” — BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF), BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (YUNODS) va BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) bilan birgalikda amalga oshiriladi.

    Loyiha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan 5 000 bola va oʻspirinning sogʻligʻini mustahkamlashga hamda ovqatlanishini yaxshilashga qaratilgan. 10-17 yoshli oʻn ming qiz mikronutriyentlar bilan taʼminlanadi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasining uchta tumani — Moʻynoq, Qoʻngʻirot va Boʻzatovdagi 15 ta maktabda sogʻliqni saqlash infratuzilmasi yaxshilanadi.

    Loyiha orqali har yili 181 mingdan ziyod kishi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Xususan, 20 ta birlamchi tibbiy-sanitar yordam muassasasida suv taʼminoti tizimi va sanitariya-gigiyena infratuzilmasi yaxshilanadi. Bundan tashqari, 520 nafar yoshlar malaka oshirish dasturlari doirasida bilim va imkoniyatlarini kengaytiradi.

    Ikkinchi loyiha — “Orolboʻyi mintaqasining zaif aholi punktlarida iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun moslashuvchan salohiyatini kuchaytirish orqali yoshlarning va zaif aholining ijodiy va innovatsion salohiyatini targʻib qilish” BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (YUNODC) hamda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda amalga oshiriladi.

    Dastur 1 500 ga yaqin qishloq yoshlari va ayollarni qamrab oladi. Xususan, yoshlarning startap-loyihalari va biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tashabbuslar joriy etiladi. Bundan tashqari, dastur 300 ayol va yoshlarga qishloq xoʻjaligida yangi usullarni qoʻllash imkoniyatini beradi va qishloq xoʻjaligi kooperativlari va 9 ta namoyish maydonchasini tashkil etish orqali 75 kishini ish bilan taʼminlash uchun sharoit yaratadi. Qolaversa, 120 talaba va 300 nafar yoshlar raqamlashtirish sohasidagi tashabbuslar, platformalar va ijtimoiy infratuzilma loyihalari yordamida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oʻzlarining kasbiy salohiyatlarini oshiradilar.

    Uchinchi loyiha — “Qoraqalpogʻistonda sogʻliqni saqlash va xavfsizlikni umumxalq qamrab olish yoʻlida”, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

    Tibbiy muassasalar, tibbiy asbob-uskunalar va kadrlar resurslariga kelgusidagi investitsiyalar toʻgʻrisida maʼlumot berish uchun Moʻynoq tumani aholisining ehtiyojlarini baholash amalga oshiriladi. Loyihani hayotga tatbiq etish mintaqadagi aholi xavfsizligi, shu jumladan suv, energetika va yoʻl infratuzilmasining yana-da kengroq jihatlarini hisobga olishga imkon beradi.

    Asosiy donorlar (Trast fondi) Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Norvegiya, Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatlari hisoblanadi.