6 oy davomida qancha huquqbuzarliklar koʻrib chiqilgani maʼlum boʻldi

    Shu yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 342 109 nafar shaxsga nisbatan 285 651 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi.

    Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

    Qayd etilishicha, 222 101 nafar shaxsga nisbatan jarima, maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish, maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan mahrum etish, maʼmuriy qamoqqa olish, chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish hamda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish kabi maʼmuriy jazolar qoʻllanilgan.

    Yarashilganligi munosabati bilan 39 935 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod etildi.

    Koʻrilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish, transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish, savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish va yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.

    Transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha 18 403 nafar shaxsga nisbatan 17 982 ta ish koʻrib tamomlangan. Shundan 11 568 nafar shaxsga nisbatan jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish kabi maʼmuriy jazolar qoʻllanildi.

    Shu bilan birga transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlashi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha 14 556 nafar shaxsga nisbatan 14 427 ta ish koʻrib tamomlangan. Shundan 12 867 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va maʼmuriy qamoqqa olish kabi maʼmuriy jazolar qoʻllanildi.

    Apellyatsiya tartibida 5 417 nafar shaxsga nisbatan 4 448 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi. 1 446 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 500 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

    Kassatsiya tartibida 2 394 nafar shaxsga nisbatan 2 183 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi. 786 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 611 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

    Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida 935 nafar shaxsga nisbatan 852 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi. 187 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 226 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.