Joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida respublikada yuz bergan yongʻinlar soni 4 ming 465 tani tashkil etib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 525 ta (11 foiz)ga, yongʻinlarda insonlarning halok boʻlish holatlari 52 tani tashkil etib, 9 ta (15 foiz)ga, insonlarning tan jarohati olish holatlari 101 tani tashkil etib, 36 ta (26 foiz)ga kamaygan.
Biroq, kunlarning keskin isib ketishi evaziga fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinmasligi oqibatida yuz berayotgan yongʻinlar tashvishli hisoblanmoqda.
Iyul oyining birinchi oʻn besh kunligida yongʻinlar bilan bogʻliq vaziyat faollashgani kuzatilmoqda. Ushbu davrda sodir boʻlgan yongʻinlar 579 tani tashkil etib, 95 tasi qurigan oʻsimliklarni yonishi, 397 tasi aholi turar joylari va 87 tasi boshqa obyektlarga toʻgʻri kelmoqda.
Bunday jazirama paytlarda fuqarolar tomonidan havoni salqinlantiruvchi turli elektr qurilmalardan, ayniqsa, konditsionerlardan foydalanish darajasi ortishi tabiiy. Biroq, konditsionerdan uzoq muddat qarovsiz foydalanish, elektr taʼminoti qoidalariga rioya etmaslik, bitta elektr isteʼmolchi uchun moʻljallangan elektr toki manbalariga katta quvvatga ega bir-nechta isteʼmolchilarning ulanishi, elektr kabellarning qizishi va oqibatida yongʻin chiqishiga sabab boʻlmoqda. Shu nuqtayi nazardan har bir maishiy texnikaning sozligi, uning xizmat koʻrsatish muddati va uzoq vaqt davomida nazoratsiz qoldirilmasligi muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, kunlarning keskin isib ketishi munosabati bilan korxona va tashkilot rahbarlari hamda fuqarolar oʻz hududlarini qurigan oʻsimliklardan tozalashlari, ularni yoqmasliklari lozim. Yonuvchan gaz, neft, neft mahsulotlari va shu kabi portlab-yonish xavfliligi jihatidan xavfli boʻlgan moddalar va materiallarni qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishga moʻljallangan obyekt rahbarlari tomonidan:
-
- yer ustida joylashgan sigʻimlarning sirtini quyosh nurini qaytaruvchi boʻyoqlar bilan boʻyalganligi,
- nafas olish klapanlarining sozligi,
- portlashdan xavfli yer ustidagi jihozlarga tutash maydonlarning qurigan oʻsimliklardan tozalanganligi,
- korxonalar hududida chekish va ochiq olovdan foydalanishni taqiqlash boʻyicha qatʼiy rejim oʻrnatilganligi,
- yetarli miqdorda birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan taʼminlanganligi,
- yongʻinga qarshi suv taʼminotining hamda yongʻin oʻchirish texnikalarining doimo soz holatda boʻlishining taʼminlanganligiga alohida eʼtibor qaratish lozim.