Qozogʻistonda bedarak yoʻqolgan yurtdoshimiz qidirib topildi va Oʻzbekistonga qaytarildi, deya xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi.

Taʼkidlanishicha, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi A.A.ni qoʻshni ayol Qozogʻistoning Chimkent viloyatiga chaqirib, aldov yoʻli bilan allakimga sotib yuboradi.

Mamlakatimizning Olmaota  shahridagi Bosh konsulligi ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Chimkent shahridagi vakili, "Sana Sizem" nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) va Turkiston viloyati politsiya departamentining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi bilan hamkorlikda fuqaro A.A. qidiruvga bergan edi.

Shu yil 11-sentyabr kuni yurtdoshimizni Turkiston viloyatining Ordabasi tumani politsiyasi koʻmagida izlab topishga muvaffaq boʻlindi.

Mamlakatimiz fuqarosining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida u "Sana sizem" NNT tomonidan yotoq-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.

Shuningdek, A.A.ning arizasi nazoratga olinishi yuzasidan Bosh konsullik tomonidan Qozogʻistonning tegishli tashkilotlariga murojaat qilindi.

Soʻngra yurtdoshimizga Bosh konsullik vatanga qaytish guvohnomasini berdi hamda "Sana Sizem" NNT xodimi bilan hamrohlikda u "Jibek-joli - Gʻisht koʻprik" chegara oʻtkazish punkti orqali mamlakatimizga qaytarildi.