O‘zbekiston va Turkiya davlati huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari ishtirokida «4+4» mexanizmi doirasida rasmiy tashriflar amalga oshirilgan edi. Unda ichki ishlar organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi amalga oshirilishi belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlar doirasida ikki davlat ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olishda tezkor va samarali axborot almashish borasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni tashkil etilganligi o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Jumladan, IIV Tezkor-qidiruv departamenti hamda Turkiya Respublikasi IIV bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida muqaddam JKning 168-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan ayol qo‘lga olindi. U o‘zi tashkil etgan MChJga fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborish bo‘yicha tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan, ularni AQSh va Yevropa davlatlariga yaxshi ish haqi to‘lanadigan ishlarga ishlash uchun yuborishini aytib aldab kelgan. Sodir etayotgan firibgarlik jinoyatini yashirib fuqarolarga turli xildagi xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzish orqali ularning ishonchiga kirib, katta miqdordagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.