Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligi reyting baholashdan oʻtkazildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qaroriga koʻra, baholash 29 ta maxsus indikatorlar asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Reyting baholash natijalarining xolisligini taʼminlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirildi.
Baholash natijalariga koʻra, 62 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 12 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 30 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 20 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.
Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.
Rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha shaxsiy tashabbusi yetarli emasligi, javobgarlik mexanizmining belgilanmaganligi hamda samarali korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish boʻyicha eʼtibor qaratilmaganligi tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab boʻlgan.
Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi (11 ball), Suv xoʻjaligi vazirligi (13 ball), Andijon viloyat hokimligi (18 ball) va Energetika vazirligida (21 ball) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samarali joriy etilmagan.
Baholash natijalariga koʻra, “qoniqarli” deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan choralar amalga oshirilgan boʻlsa-da, ayrim masalalarga eʼtiborsizlik bilan qarash, shu jumladan, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatildi.
Shu bilan birga, ushbu idoralarda korrupsiyaga qarshi belgilangan talablarning doimiy ravishda bajarilishini nazorat qilish boʻyicha samarali tizim yaratilmagan.
12 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi “yaxshi” deb baholandi. Mazkur tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.
Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni minimallashtirish boʻyicha aniq va manzilli choralar koʻrilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilot rahbarlari shaxsiy namuna sifatida oʻrnak boʻlgan.
Masalan, Bojxona qoʻmitasida (87 ball) “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan boʻlib, barcha xodimlarning faoliyatini sunʼiy intelekt yordamida baholash hamda xavfi yuqori boʻlgan xodimning shaxsi haqida “axborot portreti”ni onlayn shakllantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, Soliq qoʻmitasining barcha tarkibiy hududlarida ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, yaxshi natija qayd etgan tijorat banklarida esa korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va kamaytirishning samarali mexanizmi joriy etilgan hamda xodimlar oʻrtasida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha targʻibot tadbirlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga, sohada sogʻlom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining masʼuliyatini yana-da oshirish imkonini berdi.
Baholash yakunlari boʻyicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.
“Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yana-da yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritiladi.
“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi taʼminlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishlarida eshitib boriladi.
Reyting baholash natijalari Milliy kengashga yuborildi.