62 yoshli amerikalik qamoqxonada oʻtirib magistr diplomiga ega boʻldi

    Amerikalik Jozef Valades Kaliforniya universitetining sotsiologiya fakultetiga oʻqishga kirib, “aʼlo”ga bitirdi.

    Amerikalik Jozef Valades 62 yoshda. Oʻz iqroriga koʻra, kambagʻal oilada tugʻilgan, bolaligi koʻchada oʻtgan, keyin esa jinoyat olami: bosqinchilik, narkotiklar, xullas, umrining asosiy qismi panjara ortida oʻtgan.

    Endi u qilmishlaridan, umrini behuda oʻtkazib yuborganidan pushaymon. Ammo qoʻl qovushtirib oʻtirgani ham yoʻq: 2014-yili giyohvandlikdan davolandi, Kaliforniya universitetining sotsiologiya fakultetiga oʻqishga kirib, “aʼlo”ga bitirdi. Ayrim fanlarni sirtdan kompyuterda, baʼzilarini oʻzi singari tavba qilgan mahkumlarni oʻqitishga kelgan oʻqituvchilardan oʻrgandi.

    “Onam hayot boʻlganida, men bilan faxrlangan boʻlardi. Qachonlardir aqlimni yigʻib, toʻgʻri yoʻlga kirishimga u doim ishonardi. Mendan umidini aslo uzmagan yagona inson — onam edi. U doim sen aqllisan derdi”, — taʼkidlaydi Jozef.

    Jozef Valades maʼrifat yoʻliga kirganini ijtimoiy tarmoqda yozib, magistrlik diplomini koʻksiga bosib tushgan suratini ilova qilib qoldirdi. Oʻz murojaatida oʻquvchilarini hayotdagi mashaqqatlarga qaramay bilim olishga chorladi.