672 nafar oʻquvchi volontyorlikka qabul qilindi

    Mamlakatimizda 19 Noyabr 2021 1311

    Toshkent temir yoʻl texnikumida 2021/2022 oʻquv yilida 1-bosqichga qabul qilingan 672 nafar oʻquvchini Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yoʻl mintaqaviy tashkiloti aʼzoligiga volontyor (koʻngilli) boʻlib qabul qilishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

    Tadbir avvalida Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yoʻl mintaqaviy tashkiloti raisi D.Karimova Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyatining 96 yilligi hamda Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yoʻl mintaqaviy tashkilotining 64 yilligi va Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yoʻl mintaqaviy tashkiloti tomonidan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda barkamol avlodni har tomonlama shakllantirish, yoshlarni maʼnaviy-intellektual dunyoqarashini boyitish, milliy urf-odatlar va qadriyatlarga hurmat ruhi bilan tarbiyalashda bajarilgan ishlar xususida maʼruza qildi.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati tibbiy-ijtimoiy boʻlim boshligʻi Sanjar Umarov shu tashkilotning tarixi, emblemasi va asosiy maqsad hamda vazifalari haqida soʻzlab berdi. Xususan, tarbiyalanayotgan yoshlar buyuk ajdodlarimizga munosib avlod boʻlib, yurtimiz taraqqiy etishida munosib hissa qoʻshishlari zarurligi taʼkidlandi.

    Tadbirda ishtirok etgan va tashkilotga volontyor boʻlib qabul qilingan oʻquvchilar mehr-muruvvatli boʻlishga, volontyor sifatida oʻz burchiga sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda berdi va murojaatnomani faol volontyor oʻquvchi Rayhon Saparbekova oʻqib eshittirdi.

    Tashkilot bilan hamkorlikda oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan madaniy-maʼrifiy, xayriya, salomatlik tadbirlari borasida olib borayotgan samarali faoliyati uchun texnikum yoshlar yetakchisi Dilbar Rejametova tashkilotning faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.