678 nafar abituriyent barcha fanlardan test sinovlaridan ozod qilingan

    2024-yilda bunday imkoniyatdan faqat 1 nafar abituriyent foydalangan edi.

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova 2025/2026 oʻquv yili uchun qabul jarayonlari haqida maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, bu yilgi oʻquv yili uchun jami 671 397 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtdi.

    Shundan, abituriyentlarning

    • 426 685 nafarini (63,6 %) joriy yil bitiruvchilari,
    • 244 712 nafarini (36,4 %) oldingi yillar bitiruvchilari tashkil etdi.

    Gender tarkibi boʻyicha esa,

    • 361 019 nafar (53,8 %) abituriyent — xotin-qizlar,
    • 310 378 nafari (46,2 %) — erkaklardan iborat.

    Alohida iqtidor talab

    etiladigan taʼlim yoʻnalishlariga 39 307 nafar abituriyent

    roʻyxatdan oʻtgan.

    Roʻyxatdan oʻtish jarayonida abituriyentlar tomonidan taqdim etilgan xalqaro sertifikatlarning 18 854 tasi haqiqiy deb topildi va tan olindi.

    Shu bilan birga, 3 370 ta sertifikat belgilangan talablarga javob bermagani — yaʼni darajasi yoki turi mos kelmagani, amal qilish muddati tugagani yoxud haqiqiyligi tasdiqlanmagani sababli qabul qilinmadi.

    Joriy yilda test sinovi topshiriladigan barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan 678 nafar abituriyent imtihonlardan ozod etilib, bevosita tanlov bosqichiga oʻtkazildi.

    Taʼkidlash joiz, 2024-yilda bunday imkoniyatdan faqat 1 nafar abituriyent foydalangan edi.

    Umuman olganda, bu yil abituriyentlar bilim darajasini rasmiy sertifikatlar orqali tasdiqlashda yuqori faollik koʻrsatmoqda. Jumladan, 85 140 nafar yosh umumtaʼlim fanlaridan, 58 216 nafari esa chet tillaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega ekanligi maʼlum boʻldi. Solishtirish uchun aytish mumkinki, 2024-yilda bu koʻrsatkichlar mos ravishda 13 180 va 44 834 nafarni tashkil etgan edi.

    Joriy yildan boshlab, fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul maxsus tartibda amalga oshirilmoqda. Yaʼni, bu yoʻnalishlarga faqat xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlar qabul qilinadi. Ushbu talabga mos fanlar majmuasini tanlagan va belgilangan sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlar soni joriy yilda 22 041 nafarni tashkil etdi.

    Shuningdek, test jarayonlarida imkoniyati cheklangan yoshlarga teng sharoit yaratish masalasi ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, eshitish va nutqida nuqsoni boʻlgan abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 100 nafarga yaqin surdotarjimon bilan shartnoma tuzilib, ularni test sinovlariga jalb etish rejalashtirilgan.