7 mlrd soʻmlik 21 ta davlat xaridi qonunchilikka zid tarzda oʻtkazilishining oldi olindi

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning noyabr dekabr oylarida davlat buyurtmachilari tomonidan 7 mlrd soʻmlik 21 ta davlat xaridida qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Jumladan, quyidagi davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan:

    • “Uzsungwoo” MCHJ buyurtmachiligida 1,5 mlrd soʻmlik tashish xizmatlari koʻrsatish va 895 mln soʻmlik yogʻoch yetkazib berish;
    • Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 782 mln soʻmlik tibbiy uskunalar xarid qilish;
    • Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti qoshidagi akademik litsey buyurtmachiligida 427 mln soʻmlik issiq oziq-ovqat yetkazib berish xizmati koʻrsatish;
    • “Urgut tuman suv yetkazib berish xizmati” DM buyurtmachiligida 339 mln soʻmlik taʼmirlash xizmatlari koʻrsatish;
    • Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti buyurtmachiligida 284 mln soʻmlik molekulyar genetik tadqiqotlarini tahlili yordamida Bushuyev zotining genetik pasportini tuzish;
    • Zarbdor tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi buyurtmachiligida 173 mln soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilish;
    • Uchqoʻrgʻon tumani sport maktabi buyurtmachiligida 143 mln soʻmlik sport inventarlarini sotib olish;
    • Oʻzbekiston mahallalar uyushmasining Andijon shahar boʻlimi buyurtmachiligida 62 mln soʻmlik qurilish mollari sotib olish;
    • Bandixon tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 60 mln soʻmlik issiq oziq-ovqat yetkazib berish xizmati koʻrsatish;
    • Baliqchi tumani ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan 6-son davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati buyurtmachiligida 39 mln soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xarid qilish yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridlarida.