7 sotixli tomorqada 90 xilga yaqin noyob turdagi o'simliklar yetishtirilmoqda

    Tomorqadagi funduk, godji, pekan yong'og'i, sumax, oq qayin, bambuk, mango, kivi, longan, lichi, bergamot, papaya, apelsin, mandarin, ananas, golubika, qorag'at, chakanda, jasmin, magnoliya kabi noyob va manzarali daraxtlar, ekzotik mevalar, gul ko'chatlari hamda dorivor o'simliklar yashillikka burkangan.

    O'zbekiston tumanidagi eski Yaypan mahallasida yashovchi Baxtiyorjon Sulaymonovning 7 sotixli tomorqasida bir qarich bo'sh yer topolmaysiz. Bu tomorqani Baxtiyorjon akaning omilkorlikdagi uzoq yillik qiziqishlari va mehnatlari mahsuli, o'ziga xos tajriba maydonchasi, desak xato bo'lmaydi.

    Sababi, shu mo'jazgina hovlida 90 xilga yaqin turdagi noyob va kamyob o'simliklar yetishtirilmoqda. Ular orasida shifobaxsh o'simliklar ham talaygina.

    Tomorqadagi funduk (o'rmon yong'og'i), godji (“Tibet barbarisi”), pekan yong'og'i, sumax (sirka daraxti), oq qayin, bambuk, mango, kivi, longan, lichi, bergamot, papaya, apelsin, mandarin, ananas, golubika, qorag'at (smorodina), chakanda (oblepixa), jasmin, magnoliya kabi noyob va manzarali daraxtlar, ekzotik mevalar, gul ko'chatlari hamda dorivor o'simliklar yashillikka burkangan.

    Shimoliy Amerika, Italiya, Xitoy va boshqa ko'plab chet davlatlardan keltirilgan ko'chatlar o'zimizning iqlimga moslashtirilgan.

    Ziyolilar oilasidan bo'lgan usta omilkorning ta'kidlashicha tomorqachilik hadisini aslida rahmatli otasidan o'rgangan. Ko'pdan buyon tomorqasidagi noyob dorivor va zirovor o'simliklar yordamida shifotalab hamyurtlarning dardiga ham malham bo'lib kelmoqda.

    “O'tgan yili ekilgan bambuk ko'chatini har 3-4 tasini 500 ming so'mdan, 4 yillik pekan yong'og'i ko'chatini esa 170 ming so'mdan xaridorlarga yetkazib berdik. Samarqand, Toshkent viloyatlaridan eshitib, qiziqib, olib ketishdi. Bundan tashqari boshqa ko'plab noyob gul va daraxt ko'chatlariga yurtdoshlarimizning qiziqishi katta. Hozirda fundukning 500 tupini palg'ari usulida ko'paytirib qo'ydim. Bir dona ko'chati oltmish ming so'mdan turadi. Endilikda, tomorqaning o'zida mazkur o'simliklarni yanada ko'paytirishga mo'ljallangan maxsus laboratoriya ham tashkil etmoqchiman”, deydi 57 yoshli xonadon egasi.