Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ayollarning oila va jamiyatdagi rolini oshirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish eng muhim yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan.
Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida xotin-qizlarimiz uchun katta imkoniyatlar belgilab berilgani barchamizda faxr va gʻurur hissini uygʻotdi.
— Bugungi farovon hayotimiz ham, yorugʻ kelajagimiz ham ayollarga bogʻliq. Agar xalqimiz bizdan rozi boʻlishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishimiz kerak. Ona rozi boʻlsa, oila rozi boʻladi, oila rozi boʻlsa, jamiyat rozi boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligiga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash, oila institutini mustahkamlash bilan bogʻliq keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, normativ-huquqiy baza yanada takomilashtirilmoqda.
Shu bilan birga, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish maqsadida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.
Sohada islohotlar mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pogʻona yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-oʻrinni egalladi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashning yangicha mexanizmlari joriy etildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqish toʻlovlarini qoplab berish tizimi amaliyotga tatbiq etilib, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki barobar ortdi. Bu muhim islohotlar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imijini oshirish bilan birga, mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini yanada kuchaytirish, shu orqali oilani mustahkamlash, yuqori intellektual darajadagi yosh avlodni voyaga yetkazish, jamiyat barqarorligini taʼminlashning garovi hisoblanadi.
Shu yil 1-mart kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ham davlatimiz rahbari xotin-qizlarimiz uchun bir necha yoʻnalishlarda yangi imkoniyatlar belgilab berdi. Xususan, yangi oʻquv yilidan boshlab taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tartibi joriy qilinishi, kelgusi oʻquv yilidan magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab berilishi, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlanishi, qizlarimizni nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha taʼlim olishga yuborilishidagi imtiyozlar muhim ahamiyatga egadir. Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish maqsadida doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi, davlat boshqaruvida ayollar faolligini oshirish bilan bogʻliq koʻrsatmalar taʼlim sohasida faoliyat yuritib kelayotgan olima opa-singillarimiz uchun koʻrsatilgan ishonch va qoʻllab-quvvatlash boʻldi.
Davlatimiz rahbarining: “...Xotin-qizlar va oila masalasi — bu kundalik ishlar orasida shunchaki nomiga shugʻullanadigan masala emas. Bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan vazifa, kerak boʻlsa, masalalarning masalasidir”, degan soʻzlari yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir ayolning qalbidan mustahkam oʻrin olib, ularning oʻziga, kelajagiga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga, oilasiga, jamiyatga mehr-muhabbati ortishiga sabab boʻldi.









