Toshkent shahrida yashovchi, 1994 va 2002-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs har bir qalbaki AQSH dollarini 7500 soʻmdan hisoblab, xaridorga qalbaki 18.800 AQSH dollarini 141 mln. soʻmga sotgan vaqtlarida ushlandi. Shuningdek, ulardan qoʻshimcha qalbaki 9.500 AQSH dollari ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, 1997-y.t., muqaddam odam savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlanib, hozirda probatsiya nazoratida boʻlgan shaxs qalbaki 20 ming AQSH dollarini haqiqiy 14 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, xaridorga qalbaki 12.000 AQSH dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham qalbaki 400 AQSH dollari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davomida, voqea joyiga birga kelgan uning sherigi – Oltiariq tumanida yashovchi, 2000-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina koʻzdan kechirilganda, uning salonida ham qalbaki 10.500 AQSH dollari borligi maʼlum boʻldi. Tezkor tadbir natijasida jami qalbaki 22.900 AQSH dollari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Toshkent tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyatida yashovchi, 1980 va 1999-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs har bir qalbaki 100 AQSH dollarini haqiqiy 40 AQSH dollaridan hisoblab, xaridorga qalbaki 20.000 AQSH dollarini haqiqiy 8 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.