Xitoy davlatidan 6 nafar Oʻzbekiston fuqarosi nomiga yuborilgan pochta joʻnatmalari koʻzdan kechirilganda ularning ichida poliyetilen paketlarga solingan, oq rangli, kukunsimon, hidsiz moddalar borligi aniqlanib, ekspertizadan oʻtkazildi.

Ushbu moddalarning sof ogʻirligi 75 kg. 373 grammni tashkil etib, ular “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi ekani aniqlandi. Lekin joʻnatmalarga doir hujjatlarda yuk egalari “pregabalin” moddasining haqiqiy nomini yashirib, goʻyoki kosmetik xom-ashyo sifatida koʻrsatishgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu joʻnatmalarni jinoiy guruh vakili qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar aʼzosi ham protsessual tartibda qoʻlga olindi. Ular tomonidan ijaraga olingan xonadonda esa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qadoqlash uchun moʻljallangan kichik laboratoriya borligi aniqlandi.

Ushbu manzilda “pregabalin” moddasi boʻsh kapsulalarga qadoqlanib, soʻngra ijtimoiy tarmoqlar orqali uning sotuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼkidlash lozimki, jinoiy guruhdan olib qoʻyilgan 75 kg. 373 gr. “pregabalin” moddasidan 150 ming donadan ortiq kapsula koʻrinishidagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari tayyorlanib, sotuvga chiqarilganida koʻplab yoshlarni zaharlashi mumkin edi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.