8-sinf o'quvchilariga ijaraga berilgan mashina jarima maydoniga joylashtirildi

    Mashina kechki payt ikki soatga shahar bo'ylab harakatlanish uchun berilgan.

    Ma'lum qilinishicha, Andijon viloyati IIB JXX YHXBga Andijon shahri 17-umumta'lim maktabidan murojaat kelib tushgan. Unda o'quvchilarning qoidabuzarlik sodir etgani haqida xabar berilgan.

    Aniqlanishicha, bir erkak o'zining Matiz'ini uch nafar 8-sinf o'quvchilariga soatiga 60 ming so'mdan ikki soatga shahar bo'ylab harakatlanish uchun bergan.

    — Mashinam uyda bekor turgandi. Kunduzi bilan kira qildim, kechki payt gazimga pul chiqib qolar, degan maqsadda bergandim. Ularda biror muammo chiqib qolsa, o'zlari hal qilishi haqida kelishdik. Yonida o'tirib, haydashni eplay olgani uchun berdim, — deydi mashinaning egasi.

    Holat bo'yicha Matiz avtomobili egasiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va mashina jarima maydoniga joylashtirilgan.