8 yoshli oʻgʻlining boʻgʻziga pichoq tiragan otaga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Jizzax viloyatidan B.O. nabirasiga otasi tomonidan bosim va zoʻravonlik qilinayotgani boʻyicha murojaat qildi.

    Murojaatchining yozishicha, qizi K.S. 2022-yildan buyon Koreyada ishlayotgani, uning 8 yoshli oʻgʻli esa erining qaramogʻida qolgan.

    Murojaatga ilova qilingan videoyozuvda er-xotin video qoʻngʻiroq orqali janjallashganida, ota oʻgʻlining boʻgʻziga pichoq tiragani aks etgan. Shuningdek, ayol eri tomonidan koʻp marotaba kaltaklangani va sogʻligʻiga zarar yetgani haqida gapirgan.

    Murojaat darhol Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqib oʻrganildi.

    Aniqlanishicha, hozirda fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan oʻgʻli buvisi bilan yashamoqda. Bola bilan suhbat oʻtkazilganda, ota-onasi oʻrtasidagi salbiy munosabatdan norozi ekanligini, otasi bilan yashashni xohlamasligi hamda buvisi bilan qolishni istashini bildirgan. Shundan soʻng, fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan oʻgʻliga buvisi vaqtinchalik vasiy etib tayinlandi.

    Ota esa voyaga yetmagan farzandiga nisbatan oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitishda ifodalangan gʻayriqonuniy harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etganlikda ayblanib, jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.